Kun yig'ladim, tun yig'ladim, bilmadingiz, begim-ey,
Chorladim ko'p, nazar qilib, kelmadingiz, begim-ey,
Dunyolarga sig'may ketdim, o'zni otdim taqdirga,
Bir olmadek oqdim soyda, olmadingiz, begim-ey.
Ohlarimga osmon yig-lar, tog'lar aza tutadi,
Bag'ri qonim bag'rimdagi nolalarga o'tadi,
Sizni qaysi dilbar mendek toqat bilan kutadi,
Firoqida g'arib qilgan bag'ritoshim, begim-ey.
Yo'llar uzoq, ko'ngil yaqin desangiz ham bo'lardi,
Ko'nglim senda degan so'zdan yarim ko'nglim to'lardi.
Kelsangiz-a ko'ngildagi umid guli kulardi,
Bugun ra'no bag'ri, evoh, alamingiz, begim-ey.
Kelmadingiz, kelmadingiz, bilmadingiz, begim-ey,
Bilmadingiz, bilmadingiz, kelmadingiz, begim-ey.